Toshkent davlat tibbiyot universitetida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida Vatan ravnaqi, tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasi chuqur ehtirom bilan yod etildi.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida fidokorona mehnat qilgan insonlar, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va osoyishtalikni asrash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining oila a’zolari hamda COVID-19 pandemiyasi davrida xalq salomatligi yo‘lida fidokorona xizmat qilib, hayotdan ko‘z yumgan shifokorlarning oila a’zolariga chuqur minnatdorlik bildirildi. Ularning jasorati, matonati va xalq oldidagi xizmatlari yuksak ehtirom bilan tilga olindi.

Yakunda ishtirokchilar tomonidan yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va birdamlikni asrab-avaylash, ajdodlar xotirasiga sadoqat ruhida yashash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani qayd etildi.


Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan